Yurtimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb qilish va sport sohasida yuksak natijalarga erishishiga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Ana shunday muhim tashabbuslardan biri sifatida “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarining 2026 yilgi mavsumiga yurtimiz bo‘ylab tantanali start berildi.
Ushbu nufuzli musobaqaning ochilish marosimi tumanimizda ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Tuman sport maktabida o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi A. Djurabayev, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, sport faxriylari, yosh sportchilar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda sportni ommalashtirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladilar. Bu kabi musobaqalar esa ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.
“Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident olimpiadasi” musobaqalari yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularning jismoniy salohiyatini rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va saralab olish, eng muhimi esa kelgusida xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladigan chempionlarni tarbiyalashga xizmat qiladi.
2026 yilgi mavsum doirasida musobaqalar 13–14 yoshli sportchilar o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, badiiy gimnastika sport turi bo‘yicha esa 11–12 yoshli qizlar ishtirok etadi. Bellashuvlar jami 21 ta olimpiya sport turi bo‘yicha tashkil etilib, har bir yo‘nalishda kuchli va iqtidorli yoshlar saralab olinadi.
Shuningdek tuman hokimi olimpiadasi doirasida ham sport musobaqalari qizg‘in pallada o‘tmoqda. Unda sportning 13 ta turi — dzyudo, boks, erkin kurash, ayollar kurashi, yunon-rum kurashi, taekvondo VT, voleybol, gandbol, basketbol (3×3), stol tennisi, yengil atletika hamda badiiy gimnastika bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilgan. Mazkur musobaqalarda sport maktabi tarbiyalanuvchilari bilan bir qatorda umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 11–13 yoshli o‘quvchi-sportchilar ham faol ishtirok etmoqdalar.
Musobaqalar jarayonida ishtirokchilar nafaqat jismoniy jihatdan chiniqmoqda, balki ularda jamoaviylik, intizom, iroda va g‘alabaga intilish kabi muhim fazilatlar ham shakllanmoqda. Bu esa ularning kelajakda nafaqat sportda, balki hayotning turli sohalarida ham muvaffaqiyat qozonishiga zamin yaratadi.
Shavkatjon
MAMAJONOV,
tuman sport maktabi direktori.