Bugun mamlakatimizda tadbirkorik subyektlari safi oshib, eksport salohiyati yuksalishi bilan bir qatorda aholi bandligi ta’minlanmoqda. Ana shunday ezgu ishlar samarasini tumanimizning Xotinqumi mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan «Naturkost» korxonasi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Sakkiz yildan buyon samarali faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur korxona nafaqat eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishi, balki mahalladagi xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Korxona asoschisi Germaniya fuqarosi Zakir Rajabov tomonidan yo‘lga qo‘yilgan mazkur loyiha bugungi kunda Samarqand va Toshkent viloyatlarida ham muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.
Xotinqumi mahalla fuqarolar yig‘inidagi 50 sotix maydonda tashkil etilgan korxonada ish boshqaruvchilar Ilhomjon Nuriddinov va Nodiraxon Karimova rahbarligida o‘ttizdan ortiq turdagi quruq mevalar, quritilgan ziravorlar hamda dukkakli mahsulotlar tayyorlanib, Germaniya bozorlariga eksport qilinmoqda.
Mahsulot uchun xomashyo Farg‘ona viloyatining Chimyon, Rishton va Qo‘qon hududlaridan saralab keltiriladi. Olma, nok, shaftoli, gilos, jiyda, xurmo, o‘rik, qovun, olcha, tut kabi shirin va xushta’m mevalar quritilib, tabiiyligi saqlangan holda qadoqlanadi. Eng muhimi, mahsulotlarni saralash va qadoqlash jarayonlarida inson mehnatiga katta e’tibor qaratilgani har bir mahsulotning yuqori sifatiga kafolat bo‘lmoqda.
Bugungi kunda korxonada mahallada istiqomat qiluvchi 25 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. Ish ikki smenada tashkil etilgan bo‘lib, ishchilar uchun uch mahal bepul ovqat berilmoqda. Mehnatga yarasha munosib haq to‘lanishi esa ularning o‘z ishiga ishtiyoqini yanada oshirmoqda.
— Biz uchun eng muhim mezon — sifat. Shuning uchun mahsulotlarning aksariyat qismi qo‘l mehnati orqali saralanadi. Doimiy ravishda 25 nafar xotin-qizlar ish bilan band bo‘layotgan bo‘lsa, mavsumda 40 dan ortiq ishchilar mehnati talab etiladi. 40-45 kunda 20 tonnadan ortiq tayyor qadoqlangan mahsulotlar Germaniya davlatiga jo‘natiladi. Hozirda faqat bitta davlatga eksport qilinayotgan bo‘lsa, keyinchalik Yevropa bozorlariga ham chiqishni rejalashtirmoqdamiz, — deydi ish boshqaruvchi Nodiraxon Karimova.
Jamoada mehnat qilayotgan Sayyoraxon Sattorova, Odinaxon Karimova, Nargizaxon Karimova, Muxtaramxon Xudoyberdiyeva kabi fidoyi ayollar o‘z mehnatsevarligi va mas’uliyati bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. E’tiborlisi, korxona faqat iqtisodiy samara bilan cheklanib qolmayapti. Mahalladagi ijtimoiy tadbirlar, xayriya ishlari va obodonlashtirish loyihalarida ham faol ishtirok etib, homiylik ishlarini izchil amalga oshirmoqda. Bu esa tadbirkorlikni ijtimoiy mas’uliyat bilan uyg‘unlashganining yorqin namunasidir.
Xotinqumida yaratilayotgan har bir ish o‘rni, qadoqlanayotgan har bir mahsulot va eksportga yo‘l olayotgan har bir quti ortida inson mehnati, yurt taraqqiyoti va Vatan ravnaqiga bo‘lgan sadoqat mujassam. «Naturkost» korxonasi esa ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan, mahalliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish bilan birga inson qadrini ulug‘layotgan namunaviy korxonalardan biri sifatida e’tirofga loyiq.

Shohistaxon RAHIMOVA.

About The Author