Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning biz yoshlarga bag‘ishlab aytgan har bir so‘zi ulkan ishonch va qo‘llab-quvvatlash ramzi bo‘ldi. Prezidentimiz nutqidagi “Yoshlikdagi harakat – kelajakdagi yutuq degani. Sizlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz”, degan so‘zlar nafaqat yurtimizdagi, balki chet ellarda tahsil olayotgan minglab yoshlar qalbida iftixor uyg‘otdi.
Prezidentimiz nutqlarida ta’kidlangan muhim g‘oyalardan biri – yoshlarga faqat zamonaviy ta’lim emas, balki o‘zini namoyon qilish, tashabbus ko‘rsatish, mamlakat taraqqiyotida faol ishtirok etish imkonini yaratishdir. Shu nuqtayi nazardan tumanimizda ham yoshlarning iqtidori va imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
– Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz, – deya ta’kidladi Prezident.
Yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, xorijiy tillarni o‘rgatish, kasb egallab hayotda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish – davlatimizning asosiy vazifasiga aylangan. Bunda zamon talabidan kelib chiqib zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Prezidentimizning yoshlarga oid islohotlari, dasturlari va tashab-buslari asosida tuma-nimizda ham aniq, samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “Yoshlar balansi”, “Yoshlar daftari”, “Ibrat farzandlari”, “Besh tashabbus olimpiadasi” loyihalari doirasida tumanda keng qamrovli faoliyat kuzatilmoqda.
47 693 nafar yosh qamrab olingan «Yoshlar balansi» orqali ularning holati aniqlangan, ishsiz yoshlar, ta’limdan chetda qolganlar, otaliqqa olinganlar va boshqalar bilan ishlashning maqsadli tizimi shakllangan.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 220 nafar yoshning 172 nafaridagi muammolar hal etilib, 48 nafari Yoshlar ishlari bo‘limining doimiy e’tiborida. Ularga OTM to‘lovlari, davolanish xarajatlari, moddiy yordam va ish qurollari ajratildi. Ishsiz yoshlarimizdan 186 nafari ish bilan ta’minlandi, 12 nafariga tadbirkorlik uchun kredit, 19 nafariga asbob-uskunalar olib berildi.
Yoshlarimiz uchun ta’lim, fan, texnologiya, san’at sohalarida ham barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan Yoshlarni xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish orqali tumanda «Ibrat farzandlari» loyihasi doirasida 5236 nafardan ortiq yoshlar 23 ta xorijiy tillarni o‘rganish barobarida 125 nafari sertifikat olishga muvaffaq bo‘ldi, «Ustoz AI” loyihasi doirasida 850 nafar yoshlar 20 ga yaqin zamonaviy kasblarni onlayn o‘rganmoqda. C1 sertifikatiga ega bo‘lgan 35 nafar yoshga imtihon xarajatlari qoplab berish rejalashtirilgan. “Ibrat farzandlari” loyihasi yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutayapti.
Kuni-kecha Yangiyo‘l MFYda zamonaviy «IT shaharcha»si o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu loyiha Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yangi O‘zbekistonda – yangi imkoniyatlar» g‘oyasi asosida tashkil etildi. «IT shaharcha»sida toshloqlik yoshlarga juda katta imkoniyat eshiklari ochib berildi. BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Yaponiya Davlat granti ko‘magida tashkil etilgan Axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni o‘qitish markazi zamonaviy kompyuterlar, internet ulanmasi va o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan bo‘lib, tuman yoshlari uchun axborot texnologiyalari sohasidagi zamonaviy bilimlarni va xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatini yaratadi.
Yoshlarning sog‘lom turmush tarzi va ma’naviy o‘sishi uchun quyidagilar amalga oshirildi: 51 ta maktabdagi sport zallar va kutubxonalardan foydalangan holda 1 500 nafardan ortiq yosh har kuni turli musobaqa va to‘garaklarda ishtirok etmoqda. 25 000 nafar yosh “Kino oqshomi”, diskoteka, shou-konsert va ko‘ngilochar tadbirlar bilan qamrab olingan. “Besh tashabbus olimpiadasi”da 48 000 nafar yosh ishtirok etishga ariza berdi, 4 614 nafar yoshlarimiz “DXX kubogi” futbol musobaqalarida qatnashdi.
Yoshlarimizning kitobga, o‘qishga bo‘lgan munosabatlari ham ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Aytish mumkinki kitobxonlikda ulkan o‘sish ro‘y berdi. “Yosh kitobxon” tanlovida 2 254, “Mutolaa” tanlovida 6 405 nafar yoshlar ishtirok etgan bo‘lsalar 20 610 ta audiokitob — mutolaa endi yoshlarimiz orasida trendda!
Ayni paytda tumandagi maktablarda “Zarbdor 90 kunlik” loyihasi bo‘yicha yuzlab to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda yoshlar nafaqat dam olish, balki fan to‘garaklari, adabiy kechalar va ijodiy uchrashuvlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega. IT, robototexnika, animatsiya va dasturlash bo‘yicha to‘garaklar orqali yuzlab yoshlar raqobatbardosh kasblarga ega bo‘lmoqda.
Prezidentimiz “Yoshlar o‘z haq-huquqini yaxshi bilishi va ulardan foydalanishi kerak. Ertangi kun uchun mas’uliyatni zimmasiga oladigan yoshlar kerak” deb ta’kidlaganlarida bu so‘zlar yoshlarda yangi ruh, yangi maqsadlar uyg‘otdi. Prezidentimiz aytganlaridek “Yoshlar o‘zini anglasa, jamiyat o‘zgarishi muqarrar”. Darhaqiqat Toshloq tumanidagi yoshlarimiz ham o‘zini anglayapti. Ular ilmga, mehnatga, ma’rifatga intilyapti. Ularning har bir harakatida Vatanga muhabbat, istiqbolga ishonch va fidoiylik bor. Toshloq yoshlari – Yangi O‘zbekistonning iftixori bo‘ladi. Chunki ular Prezident ishongan va yelkadosh qilib tanlagan oltin avloddir.
Prezidentimizning “Yoshlarga ishonmasak, kimga ishonamiz?! Sizlar o‘z salohiyatingiz bilan yangi tarix yaratasiz”, degan so‘zlari bugun toshloqlik yoshlar uchun shiorga aylandi. Yoshlar — bugungi harakat, ertangi natija demakdir. Ular mamlakatning ilg‘or sohalarida faol qatnashishga tayyor, faqat ularni qo‘llab-quvvatlash, tinglash va ishonish kerak xolos.
D. YO‘LDASHЕV,
“Yoshlar ishlari” tuman bo‘limi rahbari.