Ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab “30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan joylarda “Do‘stlik” festivallari bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri tumanimizning Bo‘ston MFYda tashkil etildi.
Unda xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, yurtimizning betakror tabiati, millatlararo do‘stlik tarannumi turli millat va elat vakillarining raqslarida, tasviriy san’at asarlarida, taom va liboslarida, hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmalarida tarannum etildi.
Xalqaro do‘stlik kuni – bu millat, irq, din, tilidan qat’i nazar, insonlarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, tinchlik va bag‘rikenglik asosida birlashtiradigan muhim sana hisoblanadi. BMTning rasmiy bayramlaridan biri sifatida 30-iyul sanasi dunyo bo‘ylab, jumladan, O‘zbekistonda ham keng nishonlanib kelinmoqda. Mazkur sana yurtimizda millatlararo totuvlik va jamiyatda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan yodga olinadi.
Shu munosabat bilan ushbu festival “O‘zbekiston umumiy uyimiz” shiori ostida tashkil etildi va aholi, ayniqsa, turli millat vakillarining faol ishtiroki bilan yuqori ruhda o‘tdi.
Festival doirasida mahallaning faol yoshlari, ziyolilar, nuroniylar, ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilari, mahalla faollari hamda jamoatchilik vakillari keng ishtirok etishdi. Bayram tadbiriga tuman hokimligi, mahalla va oila bo‘limi, madaniyat, ta’lim va sport sohalari vakillari ham jalb qilindi.
Festival dasturi milliy madaniyatimiz, turli xalqlarning an’anaviy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan turli janrdagi chiqishlar, ko‘rgazmalar va ijodiy namoyishlarga boy bo‘ldi. Dastavval, tadbirning tantanali ochilishida tuman hokimining o‘rinbosari E. Madaminov so’zga chiqib do‘stlik va bag‘rikenglik, qadriyatlarining barqaror jamiyat qurishdagi o‘rni, millatlararo hamjihatlikning yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdi.
Tadbir doirasida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy taomlar namoyishi, kitobxonlik aksiyalari, milliy qo‘shiq va raqslar konsert dasturlari bo‘lib, turli millatlarga mansub ishtirokchilarning yagona maqsad — tinchlik va birdamlik yo‘lidagi chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida mahallada istiqomat qiluvchi turli millat vakillari o‘z milliy liboslari, an’anaviy oshxonasi, madaniy elementlari bilan ishtirok etdi. Milliy liboslar ko‘rgazmasi, qo‘l mehnati buyumlari, rassomchilik va hunarmandchilik namunalari ishtirokchilar va mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bo‘ston MFYda o‘tkazilgan ushbu ma’naviy festival O‘zbekistonda hukm surayotgan millatlararo totuvlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik muhiti ana shunday tadbirlarda yaqqol namoyon bo‘ladi va barchani ezgulikka, bunyodkorlikka chorladi.
Tadbir do‘stlik, ahillik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, turli millat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va hamjihatlikni yanada kuchaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Festival ishtirokchilarning yuzida tabassum, qalbida ezgu orzularni uyg‘otdi. Eng muhimi, tadbir har bir fuqaro qalbida tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik qadriyatlarini yanada chuqurroq mustahkamladi.

About The Author