Bugungi kunda jamiyatda oila institutini mustahkamlash, ajrim-larning oldini olish, yoshlarni barkamol va mas’uliyatli insonlar etib tarbiyalash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada “Qo‘sha qarish saodati” kabi tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bunday uchrashuvlar orqali avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik mustahkamlanadi, hayotiy tajriba va qadriyatlar uzviy ravishda yoshlarga yetkaziladi.
Kuni kecha 2-umumta’lim maktabida tuman hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Qo‘sha qarish saodati” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir jamiyatimizda oila muqaddasligini ulug‘lash, keksa avlodga hurmat-ehtiromni kuchaytirish hamda yoshlarni barqaror va mas’uliyatli oila qurishga undash maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirga uzoq yillar davomida birga hayot kechirib, o‘zaro sadoqat, sabr-toqat va mehr-oqibat namunasini ko‘rsatib kelayotgan nuroniy otaxon va onaxonlar taklif etildi. Ularning hayot yo‘li, boshdan kechirgan sinovlari va birgalikda erishgan yutuqlari ishtirokchilar uchun haqiqiy ibrat maktabiga aylandi. Bu kabi insonlar oilaviy barqarorlikning tirik namunasi sifatida alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida so‘z olgan nuroniylar o‘z hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashar ekan, baxtli turmushning asosiy omillari sifatida o‘zaro hurmat, ishonch, sabr va kechirimlilikni alohida ta’kidladilar. Ularning fikricha, oila mustahkamligi avvalo insonlarning bir-biriga bo‘lgan samimiy munosabati va mas’uliyatiga bog‘liq. Ayniqsa, turmushda uchraydigan qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tish, bir-birini tushunish va qo‘llab-quvvatlash oilaviy baxtning asosiy garovi ekani qayd etildi.
Yoshlar uchun bu kabi muloqotlar katta ahamiyatga ega bo‘lib ularda oilaga nisbatan jiddiy munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi. Nuroniylarning samimiy suhbatlari, hayot haqidagi oddiy, ammo mazmunli fikrlari tadbir ishtirokchilari qalbida chuqur taassurot qoldirdi. Tadbirda ishtirok etgan yoshlar esa oila qurish faqat tantana emas, balki katta mas’uliyat va mehnat talab qilishini yana bir bor anglab yetdilar.
Tadbir davomida keksa avlod vakillariga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatildi. Ularga esdalik sovg‘alar, tashakkurnomalar topshirilib, ularning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi. Bu esa nuroniylarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mazkur tadbir nafaqat nuroniylarni e’zozlash, balki oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi. Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar kelgusida ham izchil davom ettirilishi oila institutini yanada mustahkamlashga zamin yaratishi shubhasiz.

A. NISHONOV.
“Toshloq tongi” muxbiri.

About The Author