So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan asrash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi hamda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunlarning qabul qilinishi bu borada muhim tarixiy qadam bo‘ldi. Biroq, yaratilgan huquqiy poydevorga qaramay, oilada ayoliga qo‘l ko‘tarishni «odatiy hol» deb biluvchi kimsalarning uchrayotgani jamiyatda bu illatga nisbatan murosasizlikni yanada kuchaytirishni talab etmoqda.
Bugungi kunda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki shunday xavf ostida bo‘lgan ayollarga ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi berilmoqda. Bu hujjat zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga ayol bilan aloqa qilishni taqiqlaydi va uning xatti-harakatlarini qat’iy nazoratga oladi. Agar shaxs himoya orderi talablarini buzsa, u to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Bu tizim ayollarning o‘z uyida xavfsiz yashashi uchun mustahkam kafolatdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi tomo-nidan ko‘rilgan so‘nggi ishlar qonunchiligimizda jazoning muqarrarligini yaqqol namoyon etmoqda. Masalan, fuqaro A. Qambarov (maqoladagi ism va familiyalar o‘zgartirilgan) mast holatda arzimagan oilaviy masala tufayli turmush o‘rtog‘iga qo‘l ko‘tarib, unga yengil tan jarohati yetkazgan. Sud-tibbiyot ekspertizasi ayolning yuz va tana qismida lat yeyish va qontalashlar borligini tasdiqladi. Natijada huquqbuzarga nisbatan 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Shuningdek, farzandining bog‘cha to‘lovi uchun pul bermagani ustida kelib chiqqan janjalda ayolini urgan I. Mirzaaliyev ham qonun oldida javob berdi. Jabrlanuvchi ayolning sudda «u bilan yashash niyatim yo‘q, qonuniy chora ko‘ring» degan qat’iy talabi inobatga olinib, huquqbuzarga 10 sutka qamoq jazosi berildi. Boshqa bir holatda oilaviy kelishmovchilik sabab ayoliga ozor yetkazgan T. Yo‘lchiyev ham 7 sutkaga ozodlikdan mahrum etildi.
Qonunchiligimizga ko‘ra ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan shaxslar nafaqat jamiyatdan ajratiladi, balki o‘zlarining saqlanish harajatlarini ham qoplashga majburdirlar. Bu zo‘ravonlik sodir etgan kimsaning ham hamyoniga, ham vijdoniga berilgan zarbadir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda va amaldagi qonunlarimizda xotin-qizlarning huquqlari eng oliy qadriyat sifatida muhrlangan. Endilikda oiladagi zo‘ravonlik shunchaki «ichki ish» emas, balki davlat nazoratidagi huquqbuzarlikdir. Ayolni e’zozlagan jamiyatda fayz va baraka bo‘ladi. Qonun esa har bir ayolning sha’ni va sog‘lig‘ini himoya qilishda doimo uyg‘oqdir.
I. NORMATOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi sudyasi.