—Marvaridday pillalarni ko‘rgan-da bir quvongan bo‘lsam, hosilni taroziga qo‘yganda yanada charchog‘im chiqadi,—deydi Ucholishlik pillakor Hamroxon Alijonova.
Bu yilgi 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni Hamroxon Alijonova uchun har yilgidan ham quvonarli keldi. Boisi suhbatdoshimiz bayram arafasida yurtimizda mehnat, ijod va izlanishda, farzand tarbiyasida ko‘pchilikka ibrat bo‘layotgan bir guruh ayollar safida “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibasi bo‘ldi.
—Esimni tanibmanki qurt boqqanmiz. Ko‘pchilik “Nima qila-siz jonni qiynab qurt boqib” deydi, lekin buning gashti boshqacha. Qurt boqiladigan xonaga kirib qaraganingizda qurtlar shitir-shitir qilib bargni yeyayotganida mazza qilib yuborasiz-da. Miyangiz dam oladi. Buni qurt boqqan odam biladi, tushunti-rib berish qiyin,—deydi H. Alijonova biz bilan suh-batda.
Ipak qurti parvarishlash oson ish emas. Har kuni saharda turib daladan tut bargi kesib kelinadi. Vaqti bilan qurtlarga berib boriladi. Deyarli bir oy davom etadigan og‘ir va tinimsiz mehnatdan keyin pillalar yig‘ib olinganda barcha charchoqlar chiqib ketadi. Bu yil ham suhbatdoshimiz pilladan mo‘l hosil olishni maqsad qilgan. Bu ishlarda unga turmush o‘rtog‘i Imarali Zokirov, kelinlari Gulbahorxon va Ra’noxonlar asosiy ko‘makchi. Pilla yig‘ish davri kelganda esa qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar hasharga kelishadi.
— Hozirda tuman “Agropilla” MCHJ da Yakkatut MMTP hudud agronomi sifatida ham ishlab kelyapman. Bundan tashqari har yili urug‘dan qurt jonlantirib o‘z hududimdagi pillakorlarni qurt urug‘i bilan ta’minlab, qo‘shimcha daromadga ega bo‘lyapman, — deydi H. Alijonova.
“Qurt baraka” deyishadi eskilar. Darhaqiqat astoydil mehr berib qaralsa pilladan ham ko‘ngildagidek daromad olish mumkin. Bundan tashqari tut novdasi ham oila uchun qo‘shimcha foyda xisoblanadi.
—Alloxga shukur, qilgan mehnat-larimiz ortidan kam bo‘lmayap-miz. Mahallamiz, tumanimizda faxrli ayollar qatorida tilga olinayotganimizdan mamnunmiz. Bu yil qanchadan-qancha nom qozongan ayollar qatorida “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoniga loyiq topilganim mendek oddiy qishloq ayoli uchun katta mukofot bo‘ldi. Bunga munosib bo‘lishga, yoshlarga ibrat bo‘la oladigan inson bo‘lish uchun yanada izlanishdan, intilishdan charchamayman.
Husnidaxon YAKUBOVA,
“Toshloq tongi” muxbiri.