O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra 2024 yilda Farg‘ona viloyatida axborotlashtirish xizmatlari hajmi 587 milliard so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 115 foizlik o‘sishni anglatadi. Kompyuter dasturlash xizmatlari esa 104 milliard so‘mni tashkil etdi — bu ham 99,7 foizlik o‘sish demakdir.
IT Park rezidentlari soni 80 tadan 106 taga, yaratilgan ish o‘rinlari esa 797 tadan 1 397 tagacha oshdi. Rezident korxonalarning 24 tasi — IT eksport, 33 tasi — raqamli ta’lim, 46 tasi esa mahalliy bozorga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanmoqda. Ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 112,4 milliard so‘mdan oshdi. Shu bilan birga, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida hozirgacha 28 mingga yaqin yoshlar IT sohasida ta’lim oldi.
O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil 15 maydagi qaroriga asosan har bir viloyatda bittadan “IT-shaharcha” tashkil etish belgilab qo‘yilgan edi. Mazkur qaror ijrosi asosida tumanimizning Yangiyo‘l mahalla fuqarolar yig‘ini hududida zamonaviy “IT-shaharcha” binosi barpo etildi va foydalanishga topshirildi.
Ikki qavatli va 20 ta xonadan iborat bu markaz bir vaqtning o‘zida 300 nafar, yil davomida esa 3000 nafargacha yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida o‘qitish imkoniyatiga ega. Shaharchada yoshlar dasturlash, grafik dizayn, veb va mobil ilovalar yaratish, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va boshqa yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarni egallashlari mumkin. Bu yerda “Startap-Garaj”, kouorking maydonlari, frilanserlar uchun joylar, konferens-zal, dasturlash, robototexnika, 3D grafika, grafik dizayn, SMM va xorijiy tillar bo‘yicha ta’lim markazlari faoliyat ko‘rsatadi.
“IT-shaharcha”ning menedjeri Ubaydulloxon Topvoldiyevning ta’kidlashicha markazda 20 dan ortiq o‘quv kurslari tashkil etiladi. Ta’lim jarayonida o‘quvchilar yosh va qiziqish darajalariga ko‘ra guruhlarga ajratiladi.
Dasturlash guruhida dars berayotgan mentor Anvarjon O‘ktamovning so‘zlariga ko‘ra har bir kurs kompyuter savodxonligidan boshlab o‘rgatilmoqda va o‘rtacha davomiylik 6 oyni tashkil etadi. U dasturlashni o‘rganishda ingliz tilini bilish katta ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi. Shu sababli markazda xorijiy tillarni, xususan ingliz tilini o‘rgatadigan kurslar faoliyatiga alohida e’tibor qaratilishini bildirdi.
Markaz faoliyati boshlanganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada, o‘quv kurslariga ro‘yxatdan o‘tgan yoshlar soni allaqachon 700 nafardan oshdi.
Yoshlar bu markaz orqali uzbekcoders.uz platformasi yordamida daromadli IT kasblarini bepul o‘rganish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar. Markazda 10 dan ziyod yuqori malakali ustozlar faoliyat yuritmoqda. Majmua barcha jihatdan zamonaviy talablarga javob beradi, ta’lim olish va kasb egallash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
A. NISHONOV.
«Toshloq tongi» muxbiri.