O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi tuman tashkiloti tomonidan joriy yilda amalga oshirilayotgan loyihalar orasida “Safimizdagi ayollar” loyihasi muhim ijtimoiy ahamiyat kasb etmoqda. Ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning faolligini oshirish, jamiyatda munosib o‘rin egallashini ta’minlash maqsadida partiya tomonidan mahallalarda amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Zarkent mahallasidagi 13-son maktabgacha ta’lim muassasasida partiya tashabbusi bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston XDP tuman tashkiloti raisi, tuman Kengashi deputatlik guruhi rahbari T. Soliyev ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga, ularning mehnat va dam olish huquqlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar, qulay sharoit va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
O‘zbekiston XDP tuman Kengashi deputati Mohiraxon Qoraboyeva tomonidan O‘zbekiston mahallasining Chek qishlog‘iga amalga oshirilgan tashrif “Deputat mahallada” loyihasi doirasida amaliy samara berdi. Tashrif davomida mahallaning 120 metr ichki yo‘li ta’mirtalab holda ekanligi va asfalt yotqizish uchun texnika vositalari, yog‘och ustunlarni temir-beton stolbalarga almashtirish va 300 ta xonadon uchun qo‘shimcha transformator o‘rnatish zarurligi aniqlandi. Ushbu masalalar yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga tegishli so‘rovlar yuborildi.
Qumariq mahallasida olib borilgan o‘rganishlar davomida aholining ijtimoiy holati tahlil qilindi. Bu yerda 5010 nafar aholi istiqomat qiladi, shundan 2700 nafarini ayollar tashkil etadi. Joriy yilda “Ayollar daftari”ga 117 nafar ayol kiritilgan bo‘lsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj deb qayd etilganlar soni 128 nafarni tashkil etdi. Imkoniyati cheklangan fuqarolar soni esa 18 nafar.
O‘rganishlar jarayonida bir qator aniq ijtimoiy muammolar bo‘yicha ham amaliy taklif va yordam tashabbuslari ilgari surildi. Jumladan, Hojiota ko‘chasida yashovchi, 1-guruh nogironligi bo‘lgan 1963 yilda tug‘ilgan Maxsudali Sheraliyevga moddiy yordam ko‘rsatish, Qahramon Abdurahmonovni imtiyozli davolanish uchun bepul order bilan ta’minlash, Jarqishloq mahallasining G‘afur G‘ulom ko‘chasida yashovchi Xurshidaxon Toshaliyeva va uning voyaga yetmagan ikki nafar farzandiga tibbiy yordam berish uchun mablag‘ ajratish masalalari bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga so‘rov xatlari kiritildi va ijobiy hal etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.
M. JO‘RABOYEV,
O‘zbekiston XDP tuman tashkiloti ijrochi kotibi.