TUMANIMIZ EKSPORT SALOHIYATINI OSHIRMOQDA
Nayman mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan ushbu sex hozirgi kunda 150 nafardan ziyod xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlagan.
Tumanimizda ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq 2024 yil sentyabr oyida “Wakkas” tekstil zamonaviy ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi.

Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Kaddo Huseyn Mustafa tomonidan amalga oshirilgan ishlab chiqarish faoliyati 150 ming dollarlik investitsiya asosida yo‘lga qo‘yilgan. “Wakkas” tekstil eng so‘nggi rusumdagi zamon-aviy tikuv mashinalari va avtomatlashtirilgan dastgohlar bilan jihozlangan bo‘lib, bu ish samaradorligini ancha oshirishga xizmat qilmoqda.
—Bu yerda ayollar va erkaklar uchun mo‘ljallangan futbolkalar, hammom xalatlari va pijamalar ishlab chiqarmoqdamiz. Xom ashyolar asosan o‘zimizdan mahalliy hamda Xitoydan keltiriladi. Ishlab chiqarish jarayonlari so‘nggi rusumdagi zamonaviy dastgohlarda amalga oshirilayotgani ishchilarga ham qulaylik yaratmoqda,—deydi ish boshqaruvchi Maxpiratxon To‘ychiyeva.
Tayyor mahsulotlar asosan Rossiya Federatsiyasi bozorlariga yetkazib beriladi. Bir oyda 20 ming donagacha mahsulot tikilayotgan ushbu sexda mehnat qilayotgan tikuvchilar – Gulchehraxon Yo‘lbo‘ldiyeva, E’zozaxon Umarova, Nodiraxon Aminova kabi fidoyi ayollar samarali ishi va namunaviy hulqi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lmoqdalar.
— “Wakkas” tekstilning yana bir quvonarli jihati – bu yerda faqatgina mahallaning o‘zidangina emas, balki tumanimizning Chek, Istiqlol, Mehnatobod kabi hududlaridan kelgan xotin-qizlar ham ish bilan ta’minlanayotir. Ular uchun bepul transport xizmati va tushlik tashkil etilgan. Ishchilarning o‘rtacha oylik maoshi 1,7 million so‘mdan 3 million so‘mgacha belgilanmoqda, – deydi hudud raisi Ilhomjon Hasanov.
Sexda ish jarayonini muvofiqlashtirishda turli bo‘limlarda faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlarning hissasi katta. Jumladan, ish yurituvchi Maxpiratxon To‘ychiyeva va Boburjon Meliboyev, hisobchi Ubaydullo Mirzayev hamda bichuv bo‘limi ustasi Yulduzxon Zulfiyevalar ishni tashkillashda o‘z kasbiy mahorati va mas’uliyati bilan yondoshmoqdalar.
Sexdagi qizg‘in mehnat jarayonlari, mahalliy ayollarning munosib mehnat sharoitiga ega bo‘lgani, eksportbop mahsulotlarning ko‘payishi – bularning barchasi yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasi, deya bemalol aytsa bo‘ladi. “Wakkas” sexi misolida shunday ishonch bilan xulosa qilish mumkinki, tumanimizda ana shunday zamonaviy va samarali ishlab chiqarish markazlari ko‘proq tashkil etilsa, xalqimiz farovonligi yanada yuksalaveradi.
Shohistaxon RAHIMOVA.
“Toshloq tongi” muxbiri.

About The Author