Bugungi globallashuv davrida korrupsiya – davlatchilik asoslariga, qonun ustuvorligiga va ijtimoiy adolat tamoyillariga jiddiy putur yetkazuvchi transmilliy xavf sifatida qaralmoqda. U nafaqat milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini zaiflashtirib, demokratik jarayonlarni izdan chiqaradi. Ushbu illatning har qanday ko‘rinishlari birdek yuridik oqibatlarga ega va jamiyat uchun birdek xatarlidir.
Korrupsion harakatlarning keng tarqalgan shakli – mansab vakolatini suiiste’mol qilish orqali poraxo‘rlik yoki boshqa turdagi noqonuniy moddiy manfaatdorlikka erishishdir. Davlat xizmatchilarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishda shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab harakat qilishi davlat budjetiga jiddiy iqtisodiy zarar yetkazadi, fuqarolarning davlat boshqaruv organlariga bo‘lgan ishonchini puchga chiqaradi va huquqiy nigilizmni kuchaytiradi.
Shu bilan birga davlat mablag‘larini talon-taroj qilish, xususan, davlat xaridlari tizimidagi tender jarayonlarini soxtalashtirish va budjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish orqali amalga oshiriladigan korrupsion sxemalar davlat rivojlanish dasturlarining samaradorligini pasaytirib, iqtisodiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu kabi qonunbuzarliklar ijtimoiy adolat tamoyillarini poymol etib, jamiyatda norozilik kayfiyatini kuchaytiradi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini cheklanishiga olib keladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi kompleks yondashuvni talab etadi. Bunda qonunchilik bazasini takomillashtirish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, axborot almashinuvining erkinligi, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, davlat xizmatchilarining mas’uliyatini kuchaytirish, fuqarolik jamiya-ti institutlarining faol ishtiroki va ommaviy axborot vositalarining xolis nazorati korrupsion xavflarning oldini olishda asosiy mexanizmlardan sanaladi.
Xulosa qilib aytganda korrup-siyaga qarshi kurash – bu nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi, balki har bir fuqaroning, butun jamiyatning fuqaroviy burchidir.

D. AHMЕDOV,
MIB tuman bo‘limi boshlig‘i, 1-darajali yurist.
A. AKBARALIYEV,
MIBning Farg‘ona viloyati boshqarmasi shaxsiy xavfsizlik sho‘basi katta inspektori.

About The Author