Tumanimizdagi mavjud 51 ta MFYlarda istiqomat qilayotgan 220 ming nafarga yaqin aholi ayni kunlarda istiqlol bergan buyuk ne’matlar – tinchlik va farovonlikka shukrona keltirib, o‘z turmush tarzlaridan mamnun holda umrguzaronlik qilmoqdalar. Mamlakatimiz Prezidentining tashabbusi bilan barcha sohalarda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar bugun tumanimizda ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Tuman markazi hamda hududlarda qad ko‘tarayotgan zamonaviy bino-inshootlar, kaftdek tekis va yashillikka burkanayotgan yo‘llar, kundan-kun ko‘payib borayotgan yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari kimni ham to‘lqinlantirmaydi, deysiz?
Avvallari faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan cheklangan bo‘lsak, ayni kunda tumanimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ustuvorlik kasb etmoqda. Korxonalarimizda ishlab chiqarilayotgan turli xalq iste’moli mahsulotlari ichki bozorimiz to‘kinligini ta’minlabgina qolmay, bir nechta xorijiy mamlakatlarga ham eksport qilinayotgani qalblarimizga g‘urur va iftixor tuyg‘ularini baxsh etmoqda.
Tumanimizda joriy yilning 1-yarim yilligida 14 mln. dollarlik mahsulotlarni
eksport qilish reja qilingan bo‘lib, amalda 15,9 mln. dollarlik, jumladan 13,6 mln. dollarlik sanoat va 2,3 mln. dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishga erishildi.
Xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish va hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish bo‘yicha ham quvonarli natijalarga erishyapmiz. Joriy yilning 6 oyi mobaynida 33,5 mln. dollar xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish prognoz qilingan bo‘lib, amalda 6 ta korxona hisobidan 45,4 mln. dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishga erishildi.
Ta’kidlash kerakki, bu yo‘nalishdagi ishlarimiz izchillik bilan davom ettirilmoqda. Chunki 2025 yil yakunigacha hududiy investitsiya dasturi loyihalari doirasida 84,2 mln. dollarlik 32 ta loyihani ishga tushirish natijasida 1387 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda hududiy investitsiya dasturi doirasida jami 2,3 mln. dollarlik 12 ta loyiha asosida 2287 ta, qo‘shimcha 0,6 mln. dollarlik 7 ta loyiha hisobidan 179 ta, muddatidan oldin ishga tushirilgan 3 ta 14,8 mln. dollarlik loyiha tufayli 91 ta ish o‘rinlari yaratildi.
2025 yilda Toshloq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan joriy yilning o‘tgan 2-choragida bir qator amaliy ishlar qilindi. Jumladan, ishlash istagidagi 1191 nafar xotin-qizlar doimiy ishga jalb qilindi. Ishsiz , daromad topish istagidagi 3034 nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga, tadbirkorlik qilish istagidagi 595 nafar xotin-qizlarga moliyaviy tomondan ko‘maklashildi, 21 nafar xotin-qizlarga kredit ajratildi, 37 nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilishni rag‘batlantiruvchi subsidiyalar ajratildi, yana 37 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar esa lider tadbirkorlarga biriktirilib, daromad topishga o‘rgatildi, biznesni kengaytirish istagidagi 37 nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab- quvvatlash orqali 112 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bundan tashqari, ”Ayollar daftari”ga kiritilgan 703 nafar xotin-qizlarga moddiy yordam mablag‘lari ajratildi, 5040 nafar ayollar bandligi ta’minlandi, 6 nafar yordamga muhtoj xotin-qizlarning uy-joylari ta’mirlab berildi.
3 ta mahallada namunaviy tipda davlat-xususiy sheriklik asosida xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etildi. Ushbu markazlarda 48 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitilib, ularni ish bilan band qilish choralari ko‘rildi.
Keyingi yillarda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi, tumanimizda ham tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish jarayoni yaqqol o‘z ifodasini topdi. 400 o‘rinli markaziy shifoxona, 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 7 ta oilaviy poliklinika, 6 ta oilaviy shifokorlik punkti orqali tumandagi 221 924 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
6 oy davomida sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti va oilada tibbiy madaniyatni oshirish bo‘yicha mahalla va maktablarda davra suhbatlari, sog‘lom ovqatlanish haqida tushuntirishlar, “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida yurish marafonlari o‘tkazilib, 51 ta mahallada “Salomatlik maktablari” tashkil qilindi.
Ayni kunlarda tumanimizda 53 ta ta’lim muassasasi, jumladan, 49 ta umumiy o‘rta ta’lim, 1 ta ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi, 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 2 ta nodavlat ta’lim muassasasi, 29 ta davlat, 258 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. Ularning moddiy-texnik holatini mustahkamlash va sifatli ta’limni ta’minlashga katta e’tibor beryapmiz. Tabiiyki, ijobiy natijalar ham qo‘lga kiritilmoqda. Jumladan joriy yildagi fan olimpiadalarining viloyat bosqichida tumanimizning 4 nafar o‘quvchisi faxrli o‘rinlarni egallab respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari tabiiy, aniq, boshlang‘ich hamda ingliz tili fanlari o‘qituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari bosqichma-bosqich joriy etib kelinayotgani ham o‘zining ijobiy samarasini beryapti. 2024 yilda xorijiy til fani o‘qituvchilarining 140 nafari milliy va xalqaro darajadagi chet tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yil 1-choragida ularning soni 190 nafarga yetdi.
Muntazam ravishda tashkil etilayotgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvlarida davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlar haqida o‘quvchi-yoshlarga ma’lumotlar berilmoqda. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga tuman hokimligi vakillari va mas’ul idora hamda korxonalarning rahbarlari batafsil javob berish bilan birga, ular tomonidan kiritilgan takliflar inobatga olinmoqda.
Ayni kunlarda tumanimizda ham aholimiz intizorlik bilan kutayotgan eng aziz, eng ulug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Muqaddas bayram arafasida istiqlol tuhfa etgan imkoniyatlar natijasida yurtimiz jahon hamjamiyatida munosib o‘ringa ega bo‘lganligi, barcha sohalardagi hayotbaxsh islohotlar tufayli xalqimizning turmush darajasi oshganligi, milliy qadriyatlarimiz yanada sayqallanganligi tumanimiz aholisiga ham cheksiz iftixor va faxr tuyg‘ularini taqdim etayotganligini alohida e’tirof etishimiz lozim.

Abduqahhor DJURABAYEV,
Toshloq tumani hokimi.

(«Yangi Farg‘ona» gazetasining 2025 yil 6 avgust sonidan olindi).

About The Author