«Mahalla xalq bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lishi kerak. Odamlarning quvonchu tashvishidan doimo xabardor bo‘lish mahallaning asosiy vazifasidir».
SH. MIRZIYOYEV.

O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Toshloq tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari asosida tumanda aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar tizimli ravishda amalga oshirib borilmoqda.
Joriy yil boshida barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Ombor daftari” shakllantirilib, 2109 nafar ishsiz fuqaro ro‘yxatga olindi. Har bir mahallada 40 tadan mikroloyiha amalga oshirish bilan jami 2040 ta loyiha orqali 5750 ta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan edi. 6 oy yakunlariga ko‘ra tumanda qiymati 71,5 mlrd. so‘mlik 1 227 ta mikroloyihalar amalga oshirilib 2 610 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Mikroloyihalarning 40 foizi sanoat, 30 foizi qishloq xo‘jaligi, 30 foizi xizmat ko‘rsatish sohalarida amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 5,1 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilib 400 dan ziyod fuqarolar o‘z shaxsiy tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘ldi.
51 ta mahalla tumandagi 3 ta bankka biriktirilgan bo‘lib, ular orqali mahallalarda aholi daromadini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Masalan, Axshakguzar mahallasidagi 30 ta xonadonda Asakabank bilan hamkorlikda «Ko‘chatchilik» yo‘nalishida namatak va atirgul ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Qolaversa Prezidentimizning 2022 yil 10 sentyabrdagi 373-sonli qarori asosida 1267 gektar yer maydoni 6266 nafar ishsiz fuqarolarga 30 yil muddatga ijaraga berildi. Bu yerlarda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish va aholining uzoq muddatli daromad manbai bilan ta’minlanishiga keng yo‘l ochildi.
Tumanimizda jinoyatchilikni oldini olish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2025 yilning birinchi yarim yilligida tumandagi 14 ta mahallada umuman jinoyat qayd etilmadi.
Tahlillarga ko‘ra 37 ta mahallada turli jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, shundan 26 ta mahallada jinoyatlar soni oshgan, 8 ta mahallada kamaygan va 3 ta mahallada barqarorlik saqlangan. Jinoyat holatlariga qarab mahallalar «Qizil», «Sariq» va «Yashil» toifalarga ajratildi.
Tumanimizdagi mahallalarda budjet mablag‘lari hisobidan Aylanmajar, Ko‘lariq, Chek, Istiqlol va Axshakguzar MFYlarda tomorqa yerlarini sug‘orish uchun 10 ta tik quduqlar qazish uchun 5 mlrd. so‘m mablag‘ hisob-kitob qilinib, «Farg‘ona suv qurilish invest» davlat muassasasi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Jumladan Toshloq tuman hokimligi tomonidan 5 ta MFYlar tomorqalarida sug‘orish loyihalari ro‘yxati ishlab chiqildi. Toshloq tumani hamda viloyat xalq deputatlari mahalliy kengashi tomonidan MFYlar tomorqalarida sug‘orish loyiha ro‘yxatlari tasdiqlandi va manzilli dastur ishlab chiqildi.
«Shaffof» qurilish portaliga e’lon joylashtirilib, tanlov natijalariga ko‘ra loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash uchun g‘olib tashkilotlar aniqlandi.
«Farg‘onaumumtadbir-qurloyiha» MCHJga qiymati 57,0 mln so‘mlik 4 ta loyiha (Ko‘lariq, Aylanmajar), «Farg‘ona Rahmatjon Topograf» XKga qiymati 85,5 mln. so‘mlik 6 ta (Istiqlol, Chek, Axshakguzar) dastur doirasida elektr ta’minotini yaxshilash zarur bo‘lgan mahallalarda ham ishlar boshlanib, reja bo‘yicha 5 ta MFYda 14 dona transformator punkti, 34 km tarmoq tortish va 1226 dona temir beton tayanchlar o‘rnatish belgilangan.
Bugungi kunga qadar 5 ta mahallalarda 4 dona transformator o‘rnatildi, 7 km. tarmoq tortilib, 845 dona tayanch ustunlari o‘rnatildi.
Shuningdek 5 ta MFYda 7,5 km. ichki yo‘llarni asfaltlashtirish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Shu bilan birga qo‘mita tomonidan tumandagi elektr kuchlanishi past bo‘lgan hududlar elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida transformator sotib olish uchun Toshloq tumani hokimligining g‘aznachilikdagi shaxsiy hisob-raqamiga 100,0 mln. so‘m pul mablag‘i o‘tkazib berildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan uy-joyi ta’mirtalab 5 nafar oilalarning xonadonlari homiylik mablag‘lari hisobidan ta’mirlab berildi.
Tumanimizdagi mahallalarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi o‘rtasida ijtimoiy faollikni oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirildi. Tuman hokimligi, mahalla faollari, ma’naviyat va ma’rifat markazlari hamkorligida aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etildi.
2025 yilning birinchi yarim yilligida har bir mahallada «Ma’naviyat soatlari» tizimli ravishda o‘tkazilib, ijtimoiy ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yo‘nalishida 131, to‘y, ma’raka va marosimlarni milliy qadriyatlarimizga mos ravishda o‘tkazilishi yuzasidan 87 marotaba davra suhbatlari tashkillandi. “Mahalla — qadriyatlar maskani” shiori ostida 103 ta, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha 23 ta, umumxalq bayramlari va shonli sanalar munosabati bilan 14 ta, “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida 121 ta, “Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘onidir” mavzusida 32 marotaba, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha 11 ta, «Ochiq eshiklar kuni» doirasida 134 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib ushbu tadbirlarga 4 ming 237 nafardan ziyod aholi ishtiroki ta’minlandi. Ularda mahalliy ziyolilar, imom-xatiblar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ta’lim muassasalari xodimlari ishtirok etdi.
Shuningdek tumandagi barcha 51 ta mahallada «Ma’naviyat kutubxonalari» tashkil etilib aholiga keng qamrovli ma’rifiy adabiyotlardan foydalanish imkoniyati yaratildi. Bu orqali kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlar va ayollar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlashga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida 173 ta sport musobaqasi tashkil etildi. “Muhimi g‘alaba qozonish emas, balki qatnashish” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirlar orqali yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik, fidokorlik va mas’uliyat tuyg‘usi mustahkamlandi. Bu kabi kompleks chora-tadbirlarda 14 ming 109 nafar fuqarolarimiz faol ishtirok etdilar.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan qator amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil boshidan tuman bo‘yicha jami 134 ming dona manzarali, mevali va yong‘oqdosh daraxt ko‘chatlari ekilib, aholi tomorqalari, mahalla hududlari, yo‘l yoqalari va ijtimoiy obyektlar atrofi obodonlashtirildi. Har bir mahallada aholi ishtirokida hasharlar tashkil etilib «Har bir xonadon — yashil maskan» tamoyili asosida ko‘chat ekish ishlari olib borildi.
Tadbirlar doirasida 51 ta mahallaning barchasida «Eko-haftaliklar» o‘tkazilib tozalik, chiqindilarni saralab yig‘ish, qayta ishlash va atrof-muhitni asrash mavzularida keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borildi.
Ushbu ishlar tumanda yashash uchun qulay va sog‘lom ekologik muhitni ta’minlash, aholida tabiatga ehtirom ruhini shakllantirish hamda «Yashil makon» loyihasini keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Tumanda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatda faol ishtirokini ta’minlash va munosib hayot kechirishlari uchun mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda 500 nafardan ortiq fuqarolarning mahallabay ishlash tizimi asosida ularning ehtiyojlari o‘rganilib 300 dan ortiq fuqarolarni ijtimoiy reyestrga kiritilishi ta’minlandi.
A. TOJIUMAROV,
O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Toshloq tuman bo‘limi boshlig‘i.

About The Author