Tumanimizning Guzarboshi mahalla ahli uchun joriy yil yangiliklarga boy bo‘ldi. Boisi mahalla ahli tashabbusli budjet loyihasi orqali o‘z ko‘chalarini obod qilish va infratuzilmani yaxshilash uchun astoydil harakat qildilar va buni uddasidan chiqdilar. Loyihaga qo‘yilgan 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ evaziga mahallaning 4 ta ko‘chasi jami 4 ming 100 metrlik masofa – Ulug‘bek, Mardlik, Marvarid va Go‘zal ko‘chalari yuz foiz asfaltlashtirilib ko‘chalarning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shildi.
Bu ishlarda mahalla raisi Furqatjon Hasan-ov boshchiligidagi mahalla fuqarolari jonbozlik ko‘rsatdilar. Nuroniylardan Abdubannob Nishonov, Homidjon Rustamov, yoshlardan Rustamjon Zikriyoyev, Zohidjon Jo‘rayev, Shuhratjon Hasanov va Raxmatillo Xolmatov kabi bir guruh mahalla faollari asfaltlashtirish ishlariga bosh-qosh bo‘lib mahalla ko‘chalarining ravon bo‘lishiga o‘z hissalarini qo‘shdilar.
Bunday bunyodkorlik ishlaridan ruhlangan mahalla ahli tashabbusli budjet loyihasining ikkinchi bosqichi uchun yanada katta rejalar loyihasi bilan ishtirok etish niyatidalar. Hozirda mahallaning Xorazm, Qum va Murabbiy ko‘chalarini jami 3 kilometrlik masofani asfaltlashtirishni maqsad qilganlar. Shu bilan birga mahallaning Murabbiy va Marvarid ko‘chalaridagi sim yog‘ochlar va transformatorni yangilash loyihasi ham ko‘zda tutilgan.
Husnidaxon YAKUBOVA,
“Toshloq tongi” muxbiri.