Namangan shahrida O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston “Yoshlik”jismoniy tarbiya va sport jamiyati markaziy kengashining umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida “Quvnoq startlar” sport musobaqalarining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tumanimizdagi 32-maktab yosh sportchilar jamoasi mazkur musobaqada ishtirok etib faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
32-maktabning yosh sportchilar jamoasi 2005–2006 o‘quv yilidan buyon sportning “Quvnoq startlar” musobaqasining Respublika bosqichida muntazam ishtirok etib keladi. Ortda qolgan yigirma yil mobaynida jamoa katta yutuqlarga erishib, nafaqat tumanda, balki respublika miqyosida ham faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Jamoa faoliyati davomida ikki marotaba — 2019- va 2023-yillarda O‘zbekiston chempioni degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgan. Bu yil ham ana shunday yutuqlarning davomi sifatida, Namangan viloyatida o‘tkazilgan musobaqada g‘oliblar safidan o‘rin oldi.
Shuningdek, “Besh tashabbus” hamda “Zarbdor 90 kun” dasturi doirasida viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan sport musobaqalarida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, o‘z mahorati va jamoaviy birligidan yana bir bor dalolat berdi.
Qolaversa, ustozlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Quvnoq startlar” musobaqasining viloyat bosqichida ham maktab jamoasi munosib qatnashib, faxrli 3-o‘rinni egalladi.
Bu yutuqlarda albatta, eng avvalo maktab jamoasi va yelkadosh ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi, maktabga rahbarlik qilib kelayotgan tuman Kengashi deputati D. Ismoilov hamda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari F.Mustayev va A. Abdurahmonovlarning jonbozligi katta ahamiyat kasb etdi.

About The Author