Shu kunlarda xalqimiz buyuk tarixiy sana — aziz ne’mat — mustaqilligimizning 34 yilligini keng nishonlamoqda. Ushbu qutlugʻ bayram mamlakatimiz boʻylab “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” ezgu shiori ostida oʻtmoqda. Bu qalblarimizga cheksiz faxru iftixor, gʻurur va quvonch baxsh etmoqda.
Mana shunday shukuhli damlarda har birimiz mustaqillikning buyuk ahamiyati va mohiyatini, istiqlolning yurtdoshlarimiz taqdirida tutgan oʻrnini, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda hamda ongu shuurimizda sodir boʻlgan ulkan oʻzgarishlarni yanada chuqur anglaymiz.
Tuman markaziy oʻyingohiga tumanimiz ahli vakillari, korxona va tashkilot rahbarlari, faxriylar, ishlab chiqarish ilgʻorlari, tadbirkorlar hamda mehmonlar tashrif buyurdi.
Chorlov musiqasi yangradi — bu sado barchani maydonga chorladi. Har tomondan oqib kelgan yurtdoshlarimiz, mehmonlar va ziyoratchilarning kayfiyatidan faxr va iftixor balqib turdi. Tuman hokimi A. Djurabaev tantana ishtirokchilarini qutlar ekan, yurtimizda barqarorlik va tinchlik hukm surayotgani, istiqlol tufayli xalqimiz oʻz taqdirining chinakam egasiga aylangani, ayniqsa soʻnggi 8 yil davomida el-yurt farovonligi учун амалга оширилаётган кенг қамровли ислоҳотлар, уларнинг натижалари haqida alohida toʻxtaldi.
Shundan soʻng maydon uzra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. YUzlab, minglab yuraklarda yangragan ozodlik, mustaqillik qoʻshigʻi barchaga koʻtaringki ruh bagʻishladi.
Davraga oʻrnatilgan katta ekranda soʻnggi 8 yilda tumanimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga bagʻishlangan tasvirlar paydo boʻldi.
Sahnaga buyuk jadid bobolarimiz siymolarini gavdalantirgan yoshlarimiz mustaqilligimizni asrash, shukronalik haqidagi oʻgitlarini yana bir bor yodimizga solishdi.
Bolalar sport maktabi, musiqa va san’at maktablari tarbiyalanuvchilarining chiqishlari maydonga joziba ulashdi. Sportchi yigit-qizlarning barkamollik ifodasi boʻlgan harakatlari, san’atkor bolalarning quvnoq qoʻshiqlari barchani quvontirdi.
“Rayhon” ashula va raqs xalq dastasi ijrosidagi mumtoz qoʻshiqlar esa xalqimiz madaniy merosining beqiyos boyliklarini yodga soldi. Harbiy orkestr ijrosidagi kuylar maydonga bayramona shodlik bagʻishladi.
An’anaga koʻra bu yil ham xalqimizning sevimli xonandalari—mashhur san’atkorlar jonli ijro bilan sahnaga chiqdilar. Ular kuylagan dilbar qoʻshiqlar yuraklarni shavqqa toʻldirdi, bayram kayfiyatini yanada yuksaltirdi.
Bayram shodiyonasi tuman ahli va mehmonlari xotirasida uzoq saqlanadigan quvonch va iftixor tuygʻularini uygʻotdi. Barchani istiqlol ne’matlariga shukronalik bilan yashashga undadi.
A. NISHONOV.

About The Author