Yangi sport maktabi foydalanishga topshirilishi tuman yoshlari uchun ulugʻ bayram arafasida munosib tuhfa boʻldi. Bu esa mamlakatimizda yosh avlodni sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash yoʻlida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning yorqin namunasidir.
Cport maktabining ochilish marosimida tuman hokimi Abduqahhor Djurabayev ishtirok etib, yangi Oʻzbekistonimizda yoshlarga koʻrsatilayotgan e’tibor, sport sohasida mamlakatimiz sportchilari qoʻlga kiritayotgan ulkan yutuqlar haqida toʻxtalib oʻtdi. U oʻz nutqida soʻnggi 7–8 yil mobaynida yurtdoshlarimiz sportning dunyo arenasida munosib natijalarga erishayotgani, milliy terma jamoamizning futbol boʻyicha jahon chempionatiga yoʻllanma olgani, bokschilarimiz esa olamshumul gʻalabalarni qoʻlga kiritayotgani haqida soʻz yuritdi.
SHuningdek marosimda tumanimiz faxri boʻlmish Odinaxon Ismoilovaning yoshlar oʻrtasida boks boʻyicha Osiyo chempioni boʻlgani alohida ta’kidlandi. Bu esa nafaqat sportchi qizimiz, balki butun tuman yoshlari uchun katta gʻurur va iftixor manbai boʻldi.
Osiyo chempioni Odinaxon Ismoilovaga viloyat sport qoʻmitasining bayram sovgʻasi tantanali ravishda topshirildi.
Zamonaviy sport maktabida yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Inshoot zamonaviy jihozlar, mashgʻulot zali va oʻquv sinflari bilan ta’minlangan boʻlib, u kelgusida tumanda sportning yanada rivojlanishiga, iqtidorli yoshlarning etishib chiqishiga xizmat qiladi.

About The Author