Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson manfaati turar ekan, har bir mahallada ana shu tamoyilga tayanilgan ishlarning roʻyobga chiqishida mahalla raislarining tutgan oʻrni beqiyos. Tumanimizning Chek mahallasida ana shunday yuksak mas’uliyatni zimmasiga olgan, fidokor rahbar sifatida nom qozongan Sharobiddin Boltaboev raislik qilib kelmoqda.
Aslida madaniyat sohasi mehnat faxriysi boʻlgan Sharobiddin aka bugun mahallaning yuragiga aylangan. U kishi 14 yil davomida mahallada jamoatchi oqsoqol sifatida xizmat qilgan. Bu yilgi saylovlarda mahalladoshlar uning mehnatini munosib baholab uchinchi marta raislikka saylashdi.
Tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan Chek mahallasi 2015 yilda tashkil topgan. Bugungi kunda mahallada 1040 ta xonadonda 1400 dan ortiq oila, 4460 nafar aholi istiqomat qilmoqda. Mahallaning asosiy rivojlanish drayveri dehqonchilik va chorvachilik boʻlib, aholi xonadonlarida etishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ichki bozorlarimiz toʻkinligiga hissa qoʻshayotir. Bundan tashqari 68 ta xonadonda issiqxonalar tashkillangan boʻlib ularda ertaki poliz ekinlari etishtirilib bozorlarimizga etkazib berilmoqda.
Sharobiddin aka rahbarligida Chek mahallasida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar nafaqat mahallaning tashqi qiyofasini, balki odamlarning dunyoqarashi va turmush tarzini ham ijobiy tomonga oʻzgartirdi. Amalga oshirilgan tashabbuslar aholining birdamligini mustahkamlab koʻplab muammolarning ham echimi topilmoqda.
Mahalla infratuzilmasi ogʻir ahvolda ekanligi mutasaddilar tomonidan oʻrganilib, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida hududga 3 milliard 200 million soʻm mablagʻ ajratildi. Bu esa mahalla ahli turmush tarzining har tomonlama yaxshi tomonga qadam tashlayotganidan dalolatdir. Jumladan aholi tomorqalarini sugʻorish uchun suv tanqis boʻlganligi fuqarolarning asosiy daromadiga salbiy ta’sir koʻrsatayotgan edi. Endilikda ajratilgan mablagʻ xisobiga 2 ta suv qudugʻi qazilib 400 dan ortiq xonadonlar tomorqasi suv bilan ta’minlandi.
SHuningdek hududga 3 ta yangi podstantsiya, 250 ta elektr tayanchlari oʻrnatilib, 7,5 kilometr uzunlikdagi elektr simlari yangilanmoqda. Bunga qoʻshimcha ravishda katta yoʻl yoqalariga hashar yoʻli bilan 210 ta koʻcha chirogʻi oʻrnatilishi hisobiga mahallaning kechki qiyofasi ham oʻzgardi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu esa nafaqat raisning tashabbuskorligi balki xalq bilan birdam harakat qilganining yorqin namunasidir.
Bunyodkorlik ishlari haqida gap ketganda mahalla hududida mavjud 7 ta koʻprik ta’mirlanib soz holatga keltirildi. Hududning ta’mirtalab koʻchalaridan 3,5 kilometr uzunlikdagi yoʻl asfaltlashtirildi.
Ichki koʻchalarning asfalьtlashtirilishi mahallaning yana bir muammosi boʻlgan transport xizmati yoʻlga qoʻyilishiga ham sabab boʻladi. CHunki ichki koʻchalardagi yoʻllarning ta’mirtalabligi bois yoʻlovchi tashish xizmati yoʻlga qoʻyilmagan. SHu bois ham aholi rais bilan elkama-elka harakat qilib koʻchalar obodligi yoʻlida jonbozlik koʻrsatyaptilar. Bundan tashqari har bir xonadonda obod muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilganligi quvonarli holdir.
Mahalla raisining sa’y-harakatlari bilan toʻy va marosimlar qisqartirilib ortiqcha dabdabalar, oldi-berdilarga Chek qoʻyildi. SHuningdek mahalla ahli uchun qulaylik yaratish maqsadida toʻy va marosimlarda kerakli idish-tovoq, qozon-oʻchoq va boshqa anjomlar tashkillangan boʻlib bu ham fuqarolarga moddiy tomondan katta koʻmak boʻlayotir.
Rais faoliyatidagi yana bir muhim jihat – bu aholi bilan doimiy muloqot. Har bir oila, har bir fuqaroning dardu tashvishiga quloq tutish, ularning muammolarini tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish Sharobiddin aka ish uslubining asosiy yoʻnalishidir. U insonlar dardini oʻz dardi deb bilib, ishonchli suhbatdosh va maslahatchisiga aylanib ulgurgan.
SHuningdek yoshlarni milliy va zamonaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sport va kitobxonlikni targʻib qilish, shu bilan birga, ayollarning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash borasida ham Chek mahallasining boshqa mahallalarga oʻrnak boʻla oladigan ishlari bor. Bu kabi ishlarda mahallaning hokim yordamchisi Akmaljon Tojialiev, xotin-qizlar faoli Naziraxon Toshmatova, yoshlar ishlari boʻyicha mutaxassis Dostonbek Abduraxmonov va boshqalar rais bilan elkadosh boʻlib, mahallaning farovon kelajagi uchun tinimsiz mehnat qilmoqdalar.
Bugun Chek mahallasi taraqqiyot yoʻlida dadil qadam tashlayotgan, aholi farovonligi yuksalib borayotgan mahallalardan biri sifatida tilga olinsa bunda albatta Sharobiddin aka Boltaboev boshchiligidagi ettilikning munosib hissasi bor. Ularning faoliyatlari fidoyilik, mehnatsevarlik va insonparvarlik namunasidir.