Oʻzbekistonda demokratik qadriyatlar, inson huquqlari va erkinliklarining rivojlanishi bilan birga nodavlat notijorat tashkilotlari va siyosiy partiyalar ham jamiyatda muhim rol oʻynamoqda. Fuqarolarning oʻz salohiyatlarini amalga oshirishi, ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishi va huquqiy madaniyatini rivojlantirishi uchun zarur sharoitlar yaratishda jamoatchilik nazoratining ahamiyati benihoya.
SHuningdek jamoatchilik nazorati ijtimoiy adolatni ta’minlashda shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi muvozanat, tenglik, oʻzaro mas’uliyat va javobgarlikni ta’minlaydi.
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Fargʻona viloyat kengashi hamda Xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashidagi OʻzXDP deputatlik guruhi tomonidan Fargʻonada «Jamoatchilik eshituvi – yoshlar uchun davlat bilan ochiq muloqot maydoni» mavzusida maxsus jamoatchilik eshituvi oʻtkazildi.
Tadbirda yoshlar bandligi va ishga joylashish imkoniyatlari, oliy ta’lim bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasi, ta’limdan chetda qolgan yoshlarni faol hayotga jalb etish hamda nogironligi boʻlgan yoshlar uchun teng va adolatli mehnat sharoitlari yaratish masalalari muhokama qilindi.
Fargʻona viloyatida joriy yil boshida 1 015 ta mahallada oʻtkazilgan xatlovlar orqali 1 mln. 6 ming 155 nafar «yoshlar balansi» shakllantirilgan. Ma’lumotlarga koʻra 679 581 nafar yosh (67,5%) «yaxshi» toifada, 321 147 nafar yosh (31,9%) «oʻrta» toifada, 15 763 nafar yosh (1,6%) «qizil» toifada (shundan 7 309 nafar ogʻir toifaga biriktirilgan ishsiz yoshlar).
Oʻtgan davrda viloyatda «Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlash» doirasida 660 nafar yoshlarga 63 mlrd. 743 mln soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan. SHundan 624 nafar oʻzini oʻzi band qilgan ishsiz yoshlarga 39 mlrd. 236 mln. soʻm, 26 nafar yuridik maqomga ega yosh tadbirkorlarga 24 mlrd. 507 mln. soʻm,
«Kelajakka qadam» dasturi doirasida esa 207 nafar oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga 7 mlrd. 548 mln. soʻm miqdorda kredit mablagʻlari ajratilgan.
Viloyatda joriy yilda 4623 nafar yoshlar «Yoshlar daftari»ga kiritilib, 4216 nafariga (81,3%) manzilli va maqsadli yordam koʻrsatilgan. Yoshlar jamgʻarmalaridan jami 16,1 mlrd. soʻm miqdordagi mablagʻlar sarflangan.
Er olish istagini bildirgan 18637 nafar yoshlar tomonidan 5002,7 gektar er maydoni savdolarda yutib olingan. Ijara asosida er olgan 17996 nafar (96,8%) ishsiz yoshlarning 6 767 nafari oʻzini oʻzi band qilish orqali va 11 229 nafar yoshlar «Dehqon xoʻjaligi» sifatida roʻyxatdan oʻtkazilib bandligi ta’minlangan.
Yil yakuniga qadar viloyatda 2 ming 341 nafar ishsiz yoshlar hamda 45 ming 639 nafar mehnat bozoriga kirib keladigan bitiruvchi yoshlardan iborat jami 47 ming 980 nafar yoshlarni qamrab olgan «YOshlar bandligi dasturi» asosida yoshlar bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.
Bandlik darajasi mamlakatimizdagi iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy taraqqiyotning asosiy koʻrsatkichi hisoblanadi. Ish bilan ta’minlash darajasi past boʻlganda vatandoshlarimiz yanada yaxshi sharoitlar izlab chet elga chiqishga majbur boʻladi. Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi bandlik va mehnat migratsiyasi masalalari oʻrtasidagi uzviylikni chuqur anglab, ushbu sohadagi muammolarni kompleks ravishda hal etishni ustuvor vazifa deb hisoblaydi.
Fargʻona viloyatida ta’limdan chetda qolgan yoshlarni jamoat ishlariga, ijtimoiy loyihalarga jalb qilish orqali ularning jamiyatga integratsiyasini ta’minlashga alohida e’tibor berilmokda. Nogironligi boʻlgan yoshlar uchun esa teng va adolatli mehnat shart-sharoitlarini yaratish jamiyatning muhim vazifasidir.
T. SOLIEV,
XDP tuman tashkiloti rahbari.

About The Author