Sog‘lom hayot tarzi va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik – har qanday jamiyat taraqqiyotining asosiy poydevori hisoblanadi. Xususan, so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan aholi salomatligini ta’minlash borasida huquqiy va tashkiliy asoslar takomillashtirilib, “mahallabay” yondashuv tizimi amalga joriy etilgani juda muhim ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.
Bu tizim orqali har bir mahallada maxsus profilaktik sanitar guruhlari tashkil etildi, yuqumli kasalliklar bo‘yicha real vaqtda ma’lumot almashish, aholi bilan faol muloqot mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, ushbu ishlarni quyi bo‘g‘inda – xonadonlar darajasida amalga oshirish aholi o‘rtasida samarali tushuntirish va profilaktika ishlarini keng miqyosda olib borish imkonini bermoqda.
Tuman sanitariya-epidemilogik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi tomonidan 38 nafar mutaxassisdan iborat 3 ta ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, har bir guruh 13 nafar mutaxassis bilan ta’minlangan. Ular 51 ta mahalla fuqarolar yig‘inida mahallabay o‘rganish, profilaktik suhbat va muloqotlarni muntazam ravishda olib borishmoqda.
Joriy yilda 26 ta mahallada targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, 25253 ta xonadon aholisiga yuqumli va yuqumsiz kasalliklar, zaxarlanish holatlari, kasalliklarga qarshi emlash, hayvonlar orqali yuqishi mumkin bo‘lgan xastaliklar haqida tushuncha berildi. Xonadonlardagi sanitariya-gigiyenik holatlar o‘rganildi, ortiqcha chiqindilar, hayvon saqlash sharoiti, ichimlik suvi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalarida amaliy tavsiyalar berildi.
O‘rganishlar davomida 565 ta kamchilik va murojaat aniqlandi. Shulardan 423 tasi o‘rnida bartaraf etildi, 127 ta holat yuzasidan aniq tavsiyalar berildi, 15 ta holat boshqa mutasaddi tashkilotlarga yuborildi.
Ayniqsa, tuman aholisining sanitariya madaniyatini oshirish, profilaktika tadbirlarini ommaviylashtirishda mahalla raislari, faollari va sanitariya mutaxassislarining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu nafaqat jismoniy sog‘liqni saqlash, balki axloqiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga ham xizmat qilmoqda.
Sohada “Mahallabay” ishlash tizimi nafaqat yuqumli kasalliklarning oldini olishda, balki aholi orasida mas’uliyat, gigiyenik madaniyat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim rol o‘ynamoqda. Buning eng asosiy mezoni esa shundaki: sog‘lom inson – sog‘lom oila, sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat, sog‘lom jamiyat esa barqaror kelajak asosidir.
R. MATQULOV,
Toshloq tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i.

About The Author