Ogohlik – davr talabi

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda dindorlarga va diniy ta’lim olish istagidagi fuqarolarga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Respublika hududida rasmiy ruyxatdan o‘tgan o‘nlab diniy ta’lim muassasalari, islom institutlari va madrasalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk mutafakkirlar merosini o‘rganish bo‘yicha xalqaro darajadagi loyihalar amalga oshirilmoqda. Turli mamlakatlar islom ulamolari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan, diniy ta’limni ilmiy va zamonaviy asosda tashkil etish uchun davlat tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Shu barobarida so‘nggi paytlarda ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy yo‘llar bilan “hujra” deb ataluvchi shaxsiy xonadonlarda yoshlarga diniy saboq berish holatlari ham kuzatilmoqda. Ushbu harakatlar birinchi navbatda, qonunga zid hisoblanadi. Ikkinchidan, bu “darslar”ni tashkil qilgan shaxslarning diniy bilim darajasi, qanday aqida va yo‘nalishni targ‘ib qilayotgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Shariatda har qanday ta’limda eng avvalo omonatdorlik, salohiyat va qonunlarga rioya qilish kerak. Hozirgi kunda ayrim noqonuniy diniy “hujra”larda bolalarni pul uchun, sektantlik maqsadida, yoki shubhali g‘oyalar bilan o‘qitish holatlari kuzatilayotgani – jamiyat uchun xavfdir.
Davlat xavfsizlik xizmati va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan shunday noqonuniy “hujra”lar faoliyati fosh etildi.
Qo‘shtepa tumanining Sarmozor MFY Olchinor ko‘chasidagi qurilishi tugallanmagan uy yerto‘lasida 1989 yilda tug‘ilgan shaxs tomonidan o‘zboshimchalik bilan hujra tashkil etilgan. Diniy saboq berish vakolati yo‘q hujra egasi shu yilning 3 iyunidan ota-onasi tomonidan bu yerto‘laga tashlab ketilgan 10 nafar voyaga yetmagan bolalar uchun oyiga 500 ming so‘mdan olishi kerak bo‘lgan.
Yoz’yovon tumanining Tegirmonboshi MFYda istiqomat qiluvchi, 1991 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z yashash manzilida professional ma’lumotga ega bo‘lmasdan 6 nafar voyaga yetmagan bolaga diniy saboq berib kelayotgani aniqlangan.
Qo‘shtepa tumanining Mumtoz mahallasida istiqomat qiluvchi, 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro joriy yilning 30 iyun kuni o‘zining yashash manzilida hujra tashkil etgan. Erkak bu yerda voyaga yetmagan qizlarga diniy ta’lim berishni yo‘lga qo‘ygan.
Xuddi shunday holat Dang‘ara tumanida ham fosh etilib, unda Tangriqul MFYda istiqomat qiluvchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro yashash manzilida 4 nafar bolalarga joriy yilning iyun oyi boshlaridan buyon diniy saboq berib kelgan.
Tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmay turib diniy saboq berish holati Farg‘ona tumani Vodil MFYda joylashgan o‘quv markazida ham aniqlandi. Mazkur o‘quv markazida diniy saboq berish mumkin bo‘lmasada, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs 28 nafar voyaga yetmagan bolalarga diniy ta’lim berib kelgan. 21 yoshli fuqaro Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan xonadonlardan birida 31 nafar bolalarga, 43 yoshli fuqaro esa Toshkent tumanidagi xonadonlardan birida 12 nafar voyaga yetmagan bolalarga diniy saboq bergan.
Ular ko‘p hollarda diniy bilimni savob maqsadida emas, balki moddiy manfaat ila bermoqdalar. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim hollarda bolalarni urish, jazolash kabi zo‘ravonlik usullari ham qo‘llanilgan.
Bolani diniy ta’limga (yoki umuman har qanday ta’limga) majburlash masalasida shariatda bir qator tamoyillar mavjud. Bu masalada ota-ona va ustozlar zimmasiga mas’uliyat yuklatilgan, lekin zo‘ravonlik, qiynash, haqorat qilish qat’iyan man etilgan. Imom G‘azzoliy o‘zining “Ihyoi ulumid din” asarida ta’limni tarbiya vositasi sifatida ta’riflaydi va bolani faqat yomonlikdan saqlash emas, balki yaxshilikka o‘rgatish ham vojib deydi. Ammo u ta’limning bosqichma-bosqich, muloyim va bola psixologiyasiga mos usulda bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.
Hadisi sharifda esa imom Buxoriy va imom Muslimlardan qilingan bir rivoyatda “Har biringiz rahbarsiz va o‘z qaramog‘ingizdagi insonlar uchun javobgardirsiz.”deyilgan. Islom ulamolari bolani qo‘rqitish, urish orqali ta’lim berish usulini qoralaydi. Bu nafaqat diniy jihatdan, balki psixologik jihatdan ham zararli hisoblanadi. Imom Molik va Imom Abu Hanifalar mazhablarida ta’limda zo‘ravonlik emas, ibrat, muhabbat va targ‘ibot asos qilinadi.
Har qanday ta’lim – xususan, diniy ta’lim ham o‘z sohasining malakali mutaxassislari tomonidan, qonuniy asosda va jamoatchilik nazorati ostida amalga oshirilishi lozim. Ota-onalar farzandlarining kimdan, qayerda va nima o‘rganayotganiga befarq bo‘lmasliklari zarur. Diniy ta’limni ilmli va mas’uliyatli shaxslar orqali olish har bir fuqaroning haqqidir. Ammo bu erkinlikni suiste’mol qilgan “domla”lar jamiyatda fitna urug‘ini sochishi mumkin. Shu bois barchamiz ogoh va hushyor bo‘lishimiz kerak.

A. NISHONOV.

About The Author