Tarix sahifalarida Amir Temur nomi nafaqat yirik sarkarda, balki o‘z davrining eng mohir va uzoqni ko‘ra oladigan davlat arbobi sifatida alohida o‘rin egallaydi. Uning tashqi siyosati o‘sha davr uchun nihoyatda puxta o‘ylangan, strategik jihatdan mukammal va amaliy natijalarga yo‘naltirilgan edi. Ayniqsa, u olib borgan diplomatik munosabatlar, savdo aloqalarini rivoj-lantirishga qaratilgan chora-tadbirlari hamda xalqaro xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari bugungi kunda ham o‘z aha-miyatini yo‘qotmagan.
Manbalarda qayd eti-lishicha, Amir Temur hukmronligi davrida uning siyosati asosida adolat va tartib ustuvor ahamiyat kasb etgan. Mashhur tarixchi Nizomiddin Shomiy o‘zining “Zafarnoma” asarida bu haqda to‘xtalib, Temur davrida savdogarlar eng uzoq hududlardan bemalol qatnab, o‘z mollarini hech qanday xavf-xatarsiz olib kelib, olib ketganliklarini ta’kidlaydi. Bu esa davlatda qat’iy tartib-intizom o‘rnatilganidan, yo‘llar xavfsizligi ta’minlanganidan dalolat beradi. Hatto oddiy odamlar ham uzoq safarlarga qo‘rqmay chiqishlari mumkin bo‘lgan. Bu holat o‘sha davr uchun nihoyatda katta yutuq bo‘lib, iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omillaridan biri hisoblangan.
Amir Temur tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri – davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish edi. U savdoni rivojlantirish orqali nafaqat o‘z davlatining iqtisodiy qudratini oshirishni, balki turli mamlakatlar o‘rtasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashni ham ko‘zlagan. Uning Fransiya qiroli Karl VI ga yo‘llagan maktubida aytilgan “Dunyo savdo ahli ila obod bo‘lajak” degan fikri bu boradagi qarashlarining yorqin ifodasidir. Bu ibora orqali u savdo-sotiqni rivojlantirish jamiyat farovonligining asosiy omillaridan biri ekanini ta’kidlaydi.
Amir Temur Yevropa davlatlari bilan ham faol diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. U Fransiya, Angliya va Ispaniya kabi davlatlar bilan elchilik aloqalarini yo‘lga qo‘yib, o‘zaro hamkor-likni mustahkamlashga erishgan. Bu davrda Yevropa hukmdorlari ham Amir Temur bilan aloqalar o‘rnatishga katta qiziqish bildirganlar. Buning asosiy sababi, bir tomondan, uning harbiy qudrati va siyosiy ta’siri bo‘lsa, ikkinchi tomondan, savdo yo‘llarini ochish va xavfsizligini ta’minlashdagi xizmatlari edi.
Ispaniya qiroli Genrix III tomonidan yuborilgan Klavixo boshchiligidagi elchilik Samarqandga kelib Amir Temur saroyida katta hurmat bilan kutib olingan. Klavixoning safar kundaliklari orqali biz o‘sha davrdagi Samarqand hayoti, savdo aloqalari va diplomatik munosabatlar haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. U o‘z yozuvlarida Samarqandning go‘zalligi, boyligi va savdo markazi sifatidagi ahamiyatini alohida ta’kidlaydi.
Amir Temur tashqi siyosatida Buyuk ipak yo‘lini tiklash va rivojlantirish alohida o‘rin tutgan. U bu qadimiy savdo yo‘lining xavfsizligini ta’minlash orqali Sharq va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni jonlantirishga erishgan. Xitoy, Hindiston, Eron, Yaqin Sharq va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi savdo-sotiq aynan shu yo‘l orqali amalga oshirilgan. Natijada Samarqand o‘z davrining eng yirik savdo va madaniyat markazlaridan biriga aylangan.
Bu davrda Samarqandga turli mamlakatlardan qimmatbaho toshlar, matolar, ziravorlar, oltin va kumush olib kelinar, bu yerdan esa boshqa mamlakatlarga eksport qilinar edi. Bu esa nafaqat iqtisodiy rivojlanishga, balki madaniy almashinuvga ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Turli xalqlarning urf-odatlari, ilm-fani va madaniyati o‘zaro boyigan.
Amir Temurning siyosiy donoligi uning harbiy g‘alabalaridan keyingi qarorlarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Masalan, u Yildirim Boyazid ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng Usmoniylar davlatini butunlay bosib olmaydi. Aksincha, mavjud siyosiy tizimni saqlab qoladi. Bu qaror orqali u mintaqadagi siyosiy muvozanatni buzmaslikka va uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashga intilgan.
Shuningdek Amir Temur o‘z davlati hududida yashovchi turli din va millat vakillariga nisbatan bag‘rikeng siyosat yuritgan. Bu esa uning xalqaro obro‘sini yanada oshirgan. Yevropa davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirishda ham aynan shu omil muhim rol o‘ynagan.
Xulosa qilib aytganda, Amir Temurning tashqi siyosati o‘z davrining eng ilg‘or siyosiy tajri-balaridan biri bo‘lib, unda kuch va qudrat bilan bir qatorda aql, diplomatiya va iqtisodiy manfaatlar uyg‘unlashgan edi. U nafaqat yirik imperiya barpo etgan, balki Sharq va G‘arb o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatgan buyuk siyosatchi sifatida tarixda qolgan. Uning savdo, hamkorlik va tinchlikka asoslangan siyosati bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda.
A. NISHONOV,
2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tarix fani o‘qituvchisi.

About The Author