YOZDA ZAHARLANISHDAN SAQLANING
Yoz faslida havo haroratining keskin ko‘tarilishi oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashda yanada mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi. Ayniqsa, tez aynuvchi mahsulotlar yuqori harorat ta’sirida qisqa vaqt ichida buzilib, inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Tez aynuvchi mahsulotlar qatoriga go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, baliq, tuxum hamda ayrim turdagi tort va pishiriqlar kiradi. Bu mahsulotlar tarkibida mikroorganizmlar tez ko‘payishi uchun qulay muhit mavjud bo‘lib, issiq havo ularning buzilish jarayonini yanada tezlashtiradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yoz oylarida oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanish holatlarining ko‘payishi ko‘pincha ularni noto‘g‘ri saqlash bilan bog‘liq. Jumladan, muzlatkichda saqlanishi lozim bo‘lgan mahsulotlarni uzoq vaqt xona haroratida qoldirish ularning sifati pasayishiga va iste’mol uchun yaroqsiz holatga kelishiga sabab bo‘ladi.
Bunday holatlarning oldini olish uchun bir qator qoidalarga amal qilish zarur. Avvalo, mahsulot xarid qilinayotganda uning ishlab chiqarilgan sanasi hamda yaroqlilik muddatiga alohida e’tibor qaratish lozim. Tez aynuvchi mahsulotlarni xarid qilgandan so‘ng imkoni boricha tezroq sovutkich yoki muzlatkichga joylashtirish tavsiya etiladi. Shuningdek, tayyor taomlarni ochiq holda uzoq vaqt saqlamaslik va iste’mol qilishdan oldin holatini tekshirish muhim ahamiyatga ega.
Bozorlar va savdo shoxobchalarida ham sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilinishi shart. Mahsulotlarni maxsus sovutkichlarda saqlash, savdo jarayonida tozalik qoidalariga amal qilish iste’molchilar salomatligini muhofaza qilishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki yozning issiq kunlarida tez aynuvchi mahsulotlarga nisbatan mas’uliyatli munosabatda bo‘lish har bir insonning o‘z salomatligini asrashiga xizmat qiladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri saqlash va iste’mol qilish orqali turli yuqumli kasalliklar hamda oziq-ovqatdan zaharlanish holatlarini oldini olish mumkin.
A. MAMAJONOV.
Toshloq tumani Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi bo‘limi OGB sanitariya vrachi.

About The Author