Yangi Oʻzbekistonimizda tadbirkorlik rivojlanib, iqtisodiyotda salmoqli oʻsish kuzatilmoqda. Pirovardida aholining ishchanlik kayfiyati koʻtarilib, tovar ishlab chiqarish, ish bajarish va xizmatlar koʻrsatish sifati oshmoqda, ularning turlari koʻpaymoqda. Bu jarayonda tumanimizda ham tizimli ishlar davom ettirilib oʻzining natijalarini koʻrsata boshladi.
Oʻtgan 2024 yilda tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1 895,8 mlrd. soʻmni tashkil etib, 107,8 foizlik oʻsishga erishildi. Bu raqam hududda sanoat korxonalari faoliyatining barqarorligini va innovatsion yondashuvlarning samarasini tasdiqlaydi.
Joriy yilning 6 oyi davomida 1 083,6 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, oʻsish sur’ati 104,8 foizni tashkil etdi. Bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 175,0 mlrd. soʻmlik qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarilganini koʻrsatadi.
Yil yakuniga qadar sanoat yoʻnalishida yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va mavjud quvvatlarni kengaytirish hisobiga 2 282,3 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu reja amalga oshsa tumandagi ishlab chiqarish hajmi 108 foizga etishi kutilmoqda.
Yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishda xizmat koʻrsatish va servis sohasining alohida oʻrni bor. Bu sohada yangi ish oʻrinlarini kam xarajat bilan va qisqa muddatda tashkil etish mumkin. CHunki mamlakatimizda bu tarmoqni rivojlantirish imkoni katta boʻlib, u ortiqcha mablagʻ talab etmaydi.
Hozirgi kunda xizmatlar sohasi tez rivojlanuvchi tarmoqlar boʻlib, u iqtisodiyot taraqqiyotini belgilovchi yangi yoʻnalish sifatida namoyon boʻlmoqda. Xizmatlarning xilma-xil yangi turlari kengayib, xizmatlar bozorida salmoqli oʻrinni egallab borayotgan bank-moliya, turizm, sugʻurta, axborot-kommunikatsiya xizmatlari va boshqalarni rivojlantirish hisobiga yangi ish oʻrinlari barpo etilmoqda. 2024 yilda 1 108,3 mlrd. soʻmlik xizmatlar koʻrsatilib, 113,7 foizlik oʻsish qayd etildi. Joriy yilning birinchi yarmida 651,7 mlrd. soʻmlik xizmatlar koʻrsatilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 112,7 foizga oʻsdi. Bu esa 190,3 mlrd. soʻmlik real oʻsishni anglatadi. Yil yakuniga qadar xizmatlar hajmini 1 266,5 mlrd. soʻmga etkazish va 114,9 foizlik oʻsishni ta’minlash rejalashtirilgan. Buning uchun raqamli xizmatlar, transport, savdo yoʻnalishlarida yangi loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Qishloq xoʻjaligi qoʻshimcha imkoniyatlarga boy soha. Bozorlarimiz fayzu barakasi, hayotimiz farovonligi koʻp jihatdan unga bogʻliq. Zero, yurtimiz zamini saxovatli. SHu bois keyingi yillarda agrar sohani tubdan isloh qilish va uni bozor talablariga moslashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Masalan davlat xarid narxlarining qariyb 3 barobar oshirilishi paxtachilik va gʻallachilikni daromad keltiradigan tarmoqqa aylantirdi. Qolaversa, paxtachilikda mutlaqo yangicha ish tutumiga, ya’ni klaster tizimiga oʻtilgani mehnatga munosabatni tubdan oʻzgartirdi. Ishni samarali tashkil etish va boshqarish imkoniyati yuzaga keldi. SHuningdek paxta maydonlarida sugʻorishning tejamkor usullari tatbiq etilmoqda.
2024 yilda bu sohada 2 387,2 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 101,4 foizlik oʻsishga erishildi. Joriy yilning 6 oyida 1 013,0 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 105,6 foizga oʻsdi va 115,5 mlrd. soʻmlik qoʻshimcha mahsulot taqdim etildi.
Yil yakuniga qadar hududda yangi texnologiyalarni qoʻllash, kredit liniyalarini jalb qilish va yangi loyihalarni amalga oshirish orqali ishlab chiqarish hajmini 2 513,4 mlrd. soʻmga, oʻsish sur’atini esa 105,2 foizga etkazish rejalashtirilgan.
Tumanimizda iqtisodiy faol aholi tarkibida ish bilan band aholi soni yil sayin koʻpayib bormoqda. Yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, iqtisodiyot tarmoqlari tarkibini diversifikatsiya qilish, malakali mutaxassislar tayyorlash borasida koʻrilgan chora–tadbirlar aholining bandlik darajasini yanada oshirish imkonini beryapti. Tumanda mavjud mehnat resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi tizimli chora-tadbirlar natijasida joriy yil boshida ishsizlik darajasi 6,1 foizni tashkil etgan boʻlsa, 6 oy mobaynida 17 971 nafar aholining bandligi ta’minlandi. Bu esa ishsizlik darajasini 3,2 foizga tushirishga zamin yaratdi.
Yil yakunigacha yana 10 435 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlash orqali umumiy reja — 28 406 nafarni qamrab olish koʻzda tutilgan. Bunday natija туманнинг ishsizlikdan holi hududga aylanishiga imkon yaratadi.
2024 yil boshida tumanda kambagʻallik darajasi 8,8 foizni tashkil qilgan. Joriy yilning birinchi yarmida 2 508 ta kambagʻal oilaga xizmat koʻrsatilishi natijasida bu koʻrsatkich 5,8 foizga tushirildi.
Yil yakunigacha 2 532 ta oiladagi ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, kasb-hunarga oʻqitish, tadbirkorlikka jalb etish, imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish orqali kambagʻallik darajasini 2,5 foizga tushirish koʻzda tutilgan. Bu borada ijtimoiy adolat va barqaror rivojlanish asosiy maqsad sifatida belgilangan.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari tumanimizda keng qamrovli islohotlar olib borilayotganini, investitsiya muhiti va inson kapitaliga e’tibor ortib borayotganini koʻrsatadi.
3 yil ichida ishlab chiqilgan kompleks rejalar natijasida tumanni 3-toifadan 1-toifaga oʻtkazish — real maqsad va amaliy vazifa sifatida belgilangan. Bu esa Toshloqni nafaqat Fargʻona viloyatida, balki butun respublika miqyosida ham namunaviy tuman sifatida namoyon etish imkonini beradi.
K. UMAROV,
Toshloq tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi.

About The Author