Yangi Oʻzbekistonimizda ta’lim sifatini oshirish va tizimda innovatsion yondashuvlarni joriy qilish maqsadida keng qamrovli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Pedagoglarning kasbiy rivojlanishlari uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish mana shunday tizimli ishlardan biridir.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tizimda ishlayotgan oʻqituvchilarni muntazam tarzda yangiliklardan xabardor qilish, ilgʻor metodikalar bilan tanishtirish va tajriba almashish maqsadida oʻquv treninglari tashkil etib kelinmoqda. Har yili yangi oʻquv yili oldidan avgust oyida oʻtkaziladigan «Ustozlar milliy forumi» ham shunday tadbirlardan biridir.
Mazkur forum tadbirlari an’anaviy tarzda kaskad usulida 13-, 14-avgust sanalarida oʻtkazilgan viloyat bosqichida tumanimizdan 19 nafar iqtidorli pedagoglar oʻquvlarda ishtirok etib keldilar.
19-, 20-avgust sana-larida tuman miqyosida 2-umumiy oʻrta ta’lim maktabida barcha 51 ta umumiy oʻrta ta’lim maktablaridan 1094 nafardan ortiq pedagog oʻqituvchilarga oʻquv-mashgʻulotlarining oʻtkazilishi, bu oʻquvlarning davomi an’anaviy tarzda kaskad usulida 25-29-avgust sanalarida barcha ta’lim muassasalarida tashkil etishlari rejalashtirilgan.
Tumanimizda ta’limning asosiy poydevori boʻlmish maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 29 ta boʻlib, 3-7 yoshli bolalarning qamrab olish darajasi 80 foizga, 6 yoshlilarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrovi 100 foizga etkazildi.
Bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotida milliy yuksalish jarayoni davom etmoqda. Ayniqsa, ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor berilib soha rivojini yangi bosqichga koʻtarish, oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi oʻrni va obroʻ-e’tiborini oshirish boʻyicha koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi vaqtda tumanimizda 50 ta davlat umumta’lim maktablari, 1 ta Prezident agentligi qoshidagi ixtisoslashtirilgan va 2 ta nodavlat maktabi, 1 ta Barkamol avlod bolalar markazi faoliyat yuritmoqda.


Tumanda jami 2281 nafar oʻqituvchi faoliyat yuritadi. Ularning 2155 nafari oliy ( 94,5 foiz) hamda 126 nafari oʻrta maxsus ma’lumotli (5,5 foiz) pedagoglarni tashkil etadi. Ulardan 248 nafari (10,9 foiz) oliy, 480 nafari (21 foiz) birinchi, 529 nafari (23,2 foiz) ikkinchi, 678 nafari ( 29,7 foiz) mutaxassis hisoblanadi.
Xorijiy til oʻqituvchilari 215 nafar boʻlib, shundan milliy va xalqaro darajadagi sertifikatga ega oʻqituvchilar soni 190 nafarni (88,7 foiz)tashkil etadi.
2025 yilning shu davriga qadar rejaga asosan 510 nafar rahbar va pedagoglar malakasi oshirildi.
Tumanimizda 9 ta (2024-yilda 3ta) maktabda ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgandi. Yangi 2025-2026-oʻquv yilidan qoʻshimcha 5 ta (2,-9,-13,-28,-32-) maktablarda ham ixtisoslashtirilgan maktablar baholash tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek oʻquvchilarni maktab davridayoq kasbga ega boʻlishlari uchun yoshlar uchun hayotga yoʻllanma beruvchi ularga kamida ikkita chet tili hamda tadbirkorlarni jalb qilgan holda bitta zamonaviy kasb oʻrgatish tizimi tumanimizdagi 4 ta — 51-, 12-, 9-, 39-sonli umumta’lim maktablarida namunali joriy qilingan.
Ta’lim tizimi har doim ham e’tibor qaratish lozim boʻlgan muhim soha sanaladi. Kelajak avlod taqdiriga qaygʻurgan pedagog borki kasbiga mas’uliyat yuki ila yondashadi. Soha jonkuyarlarining mehnati, zahmatlari oʻquvchi-yoshlarning taqdirida, erishgan yutuqlarida yaqqol seziladi.
Joriy yilning 25 may kuni tumanimizdagi 52 ta maktablarda «soʻnggi qoʻngʻiroq»lar yangrab, 2190 nafar yoshlarimiz qadrdon maktablari, mehribon ustozlari bilan xayrlashdilar. 38 nafar bitiruvchilarimiz oʻqishni oltin, 15 nafari kumush medal bilan yakunlaganliklari quvonarli.
2024-2025 oʻquv yili bitiruvchilaridan 8 nafari muddatidan oldin oliy ta’limga kirib talaba boʻldilar. Joriy yilda maktab bitiruvchilarning davlat OTM lariga kirishdagi oʻrtacha koʻrsatgichi 430 nafar – 22 foizni tashkil etdi.
Maktab (oʻqituvchi)ni oʻzgartirmasdan turib jamiyatni oʻzgartirib boʻlmaydi. Ta’lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – bogʻcha va maktabdir. Ularni muqaddas dargoh qiladigan kuch esa pedagoglarimiz hisoblanadi. Bugungi kunda tizimda faoliyat yuritayotgan oʻqituvchi va tarbiyachilarimiz kelajak taraqqiyoti poydevorini yaratadi.
Bugungi kun oʻqituvchisining maqsadi hamisha bir — lekin ishlash tartibi, sharoit va talablar boshqa. Ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar mehnatni munosib ragʻbatlantirish, moddiy-texnik baza hamda ishlash sharoiti, sifatini yanada yaxshilashga, oshirishga qaratilgan. Bu orqali yoshlarni zamonaviy bilim hamda koʻnikmalarga ega barkamol avlod qilib ulgʻaytirish maqsad qilingan.
Yangi oʻquv yilida maktabning yuqori sinf oʻquvchilariga 3 ta yoʻnalish boʻyicha kasbga oʻrgatish, chet tilini bilish sertifikatiga ega boʻlgan maktab bitiruvchilari sonining oshirish zarur. Shu bilan birga bu ishlarni izchil davom ettirish zarur. Ta’lim sifatini oshirish uzluksiz jarayon. Ilgʻor xorijiy tajriba asosida vaziyatni tahlil qilish, muammoni echish, jamoada ishlash kabi amaliy mashgʻulotlar ulushini oshirish kerak.
Maktablarda xorijiy til boʻyicha oʻquv dasturlari boʻyicha ishlarni takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarur. Xorijiy tilni intensiv tarzda oʻrgatish amaliyotini ham kengaytirish lozim.
Turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi dunyo manzaralarida yoshlarimizning ma’naviy immunitetini kuchaytirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish har qachongidan ham dolzarbroq ekanini zamonning oʻzi koʻrsatib turibdi.
Yoshlarimizga boʻlgan e’tiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, qizlarimiz bandligini oshirish shart.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek maktablar faoliyatida mahalla raisi va faollarining oʻrni katta boʻlishi kerak.
“Mahalladagi muhit, aholi bandligi koʻp jihatdan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bogʻliq. Shunday ekan, mahalla raisi ota-onalar bilan birga maktablar hayotida faol qatnashishi, yoshlarning bilimi va kasb egallashiga e’tiborli boʻlishi kerak” – degan edi muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, maktab masalasi faqatgina ta’lim sohasining emas, ota-onalar, mahalla faollari, butun jamiyatning ishi. Chunki maktab mamlakat kelajagining zamini. “Bir bolaga etti mahalla ota-ona” degan maqol zamirida ham ayni shu haqiqat mujassam. Shunda ota-onalar ham oʻz farzandlari tarbiyasiga yanada e’tiborliroq boʻladi. Tobora globallashayotgan hozirgi zamonda bu juda muhim.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ulkan maqsadlar va yuksak marralar sari odimlayotgan toshloqlik ta’lim tizimi xodimlariga yangi oʻquv yili hamda mustaqilligimizni 34 yillik bayrami muborak boʻlsin.
A. SOLIYEV,
tuman MMT boʻlimi boshligʻi.

About The Author